AKADEMIK MIRZIYOD MIRSAIDOV ANDIJON VILOYATINING MARHAMAT QISHLOQ VA SUV XO‘JALIGI KASB – HUNAR KOLLEJIDA UCHRASHUV O‘TKAZDI
Bu uchrashuvda kollejning 300 ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilari, kollej direktori Boltaboev Abdurashid, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professori, t.f.d., T. Mavlonov, Toshkent axborot texnologiyalar universitetining Andijon filiali professori, i.f.d., A. Abdullaev, Andijon qishloq xo‘jalik instituti dotsenti, f.-m.f.n., K.Atabaevlar qatnashdilar. Uchrashuvni kollej direktori A. Boltaboev kirish so‘zi bilan ochib, akademik M.Mirsaidovga so‘z berdi.
M.Mirsaidov o‘z so‘zida Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan e’tibori, ularga yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida gapirdi. Kelajakda ularni ilm fanning yuqori cho‘qqilarini egallab, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishga chaqirdi. O‘quvchilarga kelajakda davlatimiz ravnaqi uchun faol xizmat qiladigan, yetuk mutaxassis va olim bo‘lib yetishishlari uchun o‘quvchilar o‘qitilayotgan fanlarni chuqur o‘zlashtirishi, tinimsiz mehnat qilishi va har doim oldinga intilishi kerakligi haqida gapirdi.
Buni amalga oshirish uchun yoshlarimiz tinmasdan mehnat qilib, yaxshi o‘qishlari va har tomonlama yetuk bo‘lishi uchun esa chet tillarini bilishi va kitoblarni ko‘p o‘qishga harakat qilishlari kerak deb ta’kidladi.
M.Mirsaidov oxirgi vaqtlarda davlatimizda bo‘layotgan yaxshi o‘zgarishlar haqida va Prezidentimizning AQShga safarlari to‘g‘risida ham qisqacha axborot berdi. Shu bilan birga M.Mirsaidov bunday yuksak ilmiy unvonga erishishida Prezidentimizning katta hissalari borligini, ya’ni Fanlar Akademiyasining qayta tiklanishi, Fanlar akademiyasi va saylov nizomlarining o‘zgartirilib, demokratlashtirilganligi va bu galdagi akademiklikka saylov ob’ektiv va shaffof o‘tganligi aytib o‘tdi.
Yoshlarimiz ham mukammal bilimlar olib, ishlab chiqarishda va ilm dargohlarida astoydil mehnat qilsalar kelgusida bundan ham ulkan natijalarga erishish imkoniyatlari mavjudligi hakida ham gapirib, bugungi kunda ilmiy xodimlarga Davlatimiz tomonidan bo‘layotgan e’tiborni, Prezidentimizning 5-aprel 2018 yildagi maoshlarni oshirish to‘g‘risidagi qarori va Fanlar akademiyasining o‘simliklar kimyosi institutidagi uchrashuvlari to‘la tasdiqlashini aytib o‘tdi.
Kollej o‘quvchilari va o‘qituvchilari tomonidan M.Mirsaidovga bir qancha savollar berildi.
Bu savollarning asosiy mazmuni quyidagilardan iborat bo‘ldi: sizning institutingizda irrigatsiya va melioratsiyaga bag‘ishlangan qanday ilmiy ishlar bajarilyapti, tomchilatib sug‘orish bo‘yicha hozirgi kunda nima qilingan, suvni tejash bo‘yicha qanday ishlar olib borilayapti, kelgusida Respublikamizda suv tanqisligi bo‘lishi mumkinmi, suv tankisligini qanday hal qilish mumkin, O‘zbekistonda shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha qanday ishlar bajarilmoqda, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qaerda quriladi, shuni qurish kerakmi, kelajakda sizning institutingizga kirish uchun nima qilish kerak, institutingizda qanday fakultetlar bor, o‘qituvchilarga tegishli kelajakda kanday yangiliklar bo‘lishi kutilayapti, olim va akademik bo‘lish uchun nima qilish kerak, davlat grantida (byudjetda) o‘qish uchun nima qilish kerak degan savollar bilan birga boshqa fizikaga, matematikaga oid bir qancha savolarni berishdi.
Kollej o‘quvchilari va o‘qituvchilar tomondan berilgan barcha savollarga M.Mirsaidov to‘liq javob berishga harakat qildi.
Biz bilan borgan prof.T.Mavlonov va prof. A. Abdullaevlar kollej o‘quvchilariga ma’naviy-ma’rifiy va odob-axloqqa oid ko‘p foydali maslahatlar berdilar.
O‘z savollariga yetarli javoblar olgan uchrashuv qatnashchilarining kayfiyatlari ko‘tarilib, kollejning faol o‘quvchilari M.Maxmudova va Zulfiya mukofoti sovrindori E.Obidjonovalar Prezitentimiz tomonidan shunday uchrashuvlar tashkil qilib berganliklari uchun o‘z minnatdorchiliklarini she’r orqali bayon qilishdi.
Bizning fikrimizcha uchrashuv qiziqarli tarzda, yuqori saviyada o‘tdi, bo‘lgan uchrashuvni kollej o‘qituvchilari va o‘quvchilar ko‘tarinki ruh va katta ishonch bilan qabul qilishdi. Uchrashuv qatnashchilari Prezidentimizga yoshlarga yaratayotgan imkoniyatlari uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, kelajakda Prezidentimizga munosib qiz va o‘g‘illar bo‘lib, Respublikamiz ravnaqi uchun xizmat qilishga va’dalar berishdi. Bu suhbatlardan keyin kollej direktori A. Boltaboev Prezidentimizning ishonchi yoshlar tomonidan albatta oqlanishiga ishonch bildirdi. Uchrashuv tugagandan keyin ham kollejning bir nechta a’lochi o‘quvchilari bizning oldimizga kelib, maslahatlar olishdi. Esdalik uchun uchrashuvda qatnashgan barcha kollej o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan rasmga tushildi.